Asosiy farqlar nimada?
BIM — bu binoning aniq raqamli modeli. U loyihalash va qurilish bosqichida yaratiladi. Bu model rejalashtirish, hisob-kitob qilish va qurishga yordam beradi.
Raqamli egizak — bu jismoniy aktivning (bino, infratuzilma, uskunalar va h.k.) "jonli" avtomatik virtual nusxasi bo‘lib, u datchiklar, IoT qurilmalari va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida real vaqt rejimida doimiy ravishda yangilanib turadi. Raqamli egizak ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va hatto ob’ektni foydalanishdan chiqarishda yordam beradi.
Bu "reallikda" qanday ko‘rinadi? Tasavvur qiling, sizda BIMda modellashtirilgan ofis binosi bor. Siz quvurlar qayerdan o‘tganini, shamollatish tizimi qanday tuzilganini va qanday materiallar ishlatilganini aniq bilasiz. Binoni foydalanishga topshirgandan so‘ng, BIM modeli o‘zgarmaydi. Raqamli egizak esa aktiv haqidagi ma’lumotlarni yangilashda davom etadi va butun hayotiy tsikl davomida uning holatini kuzatib boradi: datchiklardan ma’lumot yig‘adi, iqlim nazorati va uskunalarning eskirishini kuzatadi, hatto tizim sozlamalarini avtomatik o‘zgartirishi va qachon ta’mirlash kerakligini bashorat qilishi mumkin.
BIMda siz yoritish tizimi qanday ishlashi kerakligini ko‘rasiz. Raqamli egizakda esa — u ayni shu soniyada qanday ishlayotganini: qachon yoqilishini, qancha energiya sarflayotganini va qaysi hududlar nima sababdan yomon yoritilayotganini ko‘rasiz. U resurslar qayerda ortiqcha sarflanayotganini aytadi, optimallashtirishni taklif qiladi va natijani darhol ko‘rsatadi.
Jadvalda shunday ko'rinadi:
| BIM | Raqamli egizak | |
|---|---|---|
| Vazifa | Dizayn | Monitoring, tahlil, prognozlash |
| Ish | Statik model | Dinamik, real vaqt rejimida yangilanadi |
| Ma'lumotlar | Ishga tushirishdan oldin ob'ektning tavsifi | Ob'ektning butun mavjudligi davomidagi holati |
| Yondashuv | Modellashtirish | Ma'lumotlarni to'plash va aqlli qo'llab-quvvatlash |
| Daraja | Arxitektura va qurilish | Operatsion va analitik |
Raqamli egizaklar sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar (Big Data) asosida ishlaydi. Ular allaqachon biznes-markazlar, savdo majmualari va sanoat ob’ektlarida qo‘llanilmoqda. Kelajakda ular har qanday infratuzilmaning — turar-joy binolaridan tortib, shahar tizimlarigacha ajralmas qismiga aylanadi. Raqamli egizak — bu shunchaki avtomatlashtirish tizimi emas, balki real vaqtda nima sodir bo‘layotganini aniq biladigan texnologiyadir.